Virusli smartfonlar: xakerlar Android qurilmalarini sotuvdan oldin zararlamoqda
2025-yil noyabridan 2026-yil oktabrigacha oldindan zararli dastur oʻrnatilgan Android qurilmalari soni ikki baravardan koʻproqqa oshdi, deya xabar berdi Kasperskiy laboratoriyasi.

2026-yilning dastlabki oʻn oyida aniqlangan holatlarning 88 foizi Triada va Keenadu troyanlariga toʻgʻri kelgan. Keenadu 220 mingdan ortiq qurilmada aniqlangan.
Zararli kod ishlab chiqarish yoki dasturiy taʼminotni yigʻish jarayonida proshivkaga tushishi mumkin. Bunga backdorlarni ataylab oʻrnatish, uchinchi tomon pudratchilarining zararlangan proshivkalari va ochiq kodli buzilgan komponentlar sabab boʻlishi ehtimol.
Troyanlar SMS va qoʻngʻiroqlarni tutib qoladi, akkaunt maʼlumotlarini oʻgʻirlaydi hamda boshqa zararli amallarni bajaradi. Keenadu kechikib faollashishi mumkin: zararlanish boshqaruv serveriga ilk murojaatdan taxminan 2,5 oy oʻtib namoyon boʻladi. Bunday tahdidni standart vositalar bilan oʻchirib boʻlmaydi, chunki u proshivkaga singdirilgan.
Xavf faqat smartfonlarga taalluqli emas. Dwphon, Vo1d va BADBOX bolalar uchun aqlli soatlar hamda televizor pristavkalarida ham aniqlangan. Bu qurilmalar maʼlumotlar sizib chiqishiga manba va korporativ tarmoqlarga kirish nuqtasiga aylanishi mumkin.
Mutaxassislar tashkilotlarga uskunalardan foydalanishni boshlashdan oldin proshivkalar xavfsizligini tekshirishni tavsiya qiladi. Yetkazib berish zanjirlariga hujumlar alohida xavf tugʻdiradi: bunday holatda zararli kod qurilmalar foydalanuvchilarga topshirilishidan oldin kiritiladi.



