Ishlab chiquvchi foydalanilmayotgan xotira haqida OpenAI rahbariga har kuni shikoyat qiladigan skript yaratdi
IainKay taxallusidagi ishlab chiquvchi GitHubʼga Linux uchun Ram-Altman nomli hazilomuz Bash skriptini joyladi. U kompyuterdagi tezkor xotiraning qancha qismi band emasligini kuzatadi va bu haqda kuniga bir marta Sem Altmanga elektron xat yuborishi mumkin.

Bunga OpenAI bosh direktori Cheeky Pint podkastidagi chiqishida aytgan gaplar sabab boʻldi. Altmanning taʼkidlashicha, uy kompyuterlarida katta hajmdagi DRAMʼni saqlash samarasiz, chunki xotira u yerda vaqtning taxminan 5 foizidagina band boʻladi. Ishqibozlar buni ogʻriqli qabul qildi: sunʼiy intellekt sohasi talabi tufayli xotira narxi shundoq ham oshib bormoqda.
Skript har besh daqiqada /proc/meminfo faylidagi MemAvailable koʻrsatkichini tekshiradi. Agar xotiraning 10 foizidan koʻprogʻi boʻsh boʻlsa, OpenAI maʼlumotlar markazida «ishlashi mumkin boʻlgan» gigabaytlar haqida elektron xat tayyorlaydi. Bir sutkada koʻpi bilan bitta xat yuboriladi, matnlar har safar turli variantlardan tuziladi, --dry-run rejimi esa xatni yubormasdan koʻrish imkonini beradi. Kodda Altmanning elektron pochta manzili yoʻq — qabul qiluvchini foydalanuvchining oʻzi koʻrsatadi.
Muallif loyiha hazil sifatida yaratilganini taʼkidlab, ommaviy xatlar yubormaslikni soʻradi. Altman hazilni ijobiy baholadi: u Xʼdagi nomini vaqtincha Ram Altman deb oʻzgartirdi, keyinroq esa xotira ishlab chiqarishni koʻpaytirish tarafdori ekanini va foydalanuvchilar oʻz kompyuterlariga istagancha tezkor xotira oʻrnatish huquqiga ega deb hisoblashini aytdi.



