Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishini 70 foizgacha oshirdi
Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi 70 foizga yetganini maʼlum qildi. Microsoft kompaniyaning server Xeon protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini bir necha yilga band qiladi.

Intel 18A texnologik jarayonida yaroqli kristallar chiqishi oshgani va Microsoft bilan uzoq muddatli kelishuv tuzilganini eʼlon qildi. TomorrowX konferensiyasida Intel bosh direktori Lip-Bu Tan kompaniyaga kelganidan keyin bu koʻrsatkich nihoyatda past darajadan 70 foizgacha oshganini aytdi.
18A texnologik jarayoni 1,8 nm sinfiga kiradi. Undan Panther Lake nomli Core Ultra 300 seriyali protsessorlarning hisoblash kristallari, shuningdek, Clearwater Forest nomli server Xeon 6+ protsessorlarini ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ushbu chiplar koʻp kristalli komponovka va Foveros Direct uch oʻlchamli yigʻish texnologiyasi yordamida yaratiladi.
Kelishuvga koʻra, Microsoft Intelʼning server Xeon protsessorlari, jumladan, kelajakdagi Diamond Rapids protsessorlari uchun ishlab chiqarish quvvatlarini band qiladi. Kompaniya, shuningdek, EMIB qadoqlash texnologiyasidan oʻzining yarimoʻtkazgich yechimlarida foydalanish niyatini ochiq tasdiqlagan birinchi buyurtmachi boʻladi. Ushbu texnologiya alohida kristallarni bitta korpusda birlashtiradi.
Intel va Microsoft EMIB yordamida qaysi chiplar, qaysi texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilishi, shuningdek, ishlab chiqarish hajmlari va muddatlarini oshkor qilmadi. Kelishuv Microsoftʼning 18A texnologik jarayonidan oʻz server yechimlari uchun foydalanish boʻyicha avvalgi rejalari bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi nomaʼlum.



