Huawei 1,5K ekranli OSTA O1 Pro smartfonining xususiyatlarini ochiqladi
Starlight brendining yangi smartfoni Kirin 9030S protsessori, 16 GBgacha tezkor xotira va noodatiy tomonlar nisbatiga ega displey bilan taqdim etiladi.

Huawei Starlight yangi brendining ilk modeli — OSTA O1 Pro haqidagi ikkinchi tizerini eʼlon qildi. Qurilma koʻp jihatdan Huawei Pura X View konsepsiyasini takrorlaydi, biroq uning texnik jihozlanishi soddalashtiriladi. Bu esa narxni pasaytirish imkonini beradi.
Smartfon 1,5K aniqlikdagi, tomonlar nisbati 16:9,5 boʻlgan yassi 6,39 dyuymli LTPS displey bilan jihozlanadi. Ekran atrofidagi ramkalar har tomondan taxminan 1,05 mm boʻladi, old kamera esa markazdagi teshikka joylashtiriladi. Orqa panelda oʻta keng burchakli modulga ega boʻlmagan asosiy kameraning gorizontal bloki oʻrnatiladi. Dizayn variantlari orasida gradient binafsha rang hamda bir xil tusdagi ranglar bor.
Smartfon unumdorligi 933 MGts chastotada ishlaydigan Maleoon 935F grafik protsessoriga ega Kirin 9030S chipi bilan taʼminlanadi. Protsessor 2,69 GGts chastotada ishlaydigan bitta yadro, 2,15 GGts chastotadagi uchta yadro va 1,62 GGts chastotada ishlaydigan toʻrtta yadroni oʻz ichiga oladi.
OSTA O1 Pro 12 yoki 16 GB tezkor xotira hamda 256 GB, 512 GB yoki 1 TB sigʻimli doimiy xotira bilan taklif qilinadi. Model narxini pasaytirish uchun ishlab chiqaruvchi simsiz quvvatlash va BeiDou sunʼiy yoʻldosh aloqasidan voz kechgan.



