Honor kompaniyasi orqa panelida qoʻshimcha ekrani bor Honor 700 seriyasidagi smartfonlarni namoyish etdi
Yangi qurilmalarning ikkinchi displeyi sogʻliq koʻrsatkichlarini chiqarishi, avtoportretlar olishda yordam berishi va parvozlar haqida eslatishi mumkin.

Honor kompaniyasi Honor 700 seriyasidagi smartfonlarning tashqi koʻrinishini namoyish etib, korpusning toʻrtta rang variantini taqdim etdi. Biroq qurilmalarning asosiy xususiyati qoʻshimcha funksiyalar uchun moʻljallangan orqa paneldagi kichik ekran boʻladi.
U orqali foydalanuvchilar yurak urishi va qondagi kislorod bilan toʻyinganlik koʻrsatkichlarini koʻrishi, yaqinlashayotgan aviaqatnovlar haqida eslatmalar olishi hamda frontal kamera bilan suratga olishni boshqarishi mumkin. Soʻnggi funksiya qoʻshimcha displey yordamida kadrni nazorat qilgan holda, smartfonning asosiy kamerasida avtoportretlar olish imkonini beradi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Honor 700 va Honor 700 Pro diagonali 6,57 dyuym, 1,5K aniqlikdagi yassi OLED-ekranlarga ega boʻladi. Shuningdek, ishlab chiqaruvchi foto olish imkoniyatlari va sunʼiy intellekt asosidagi funksiyalarga alohida eʼtibor qaratishni vaʼda qilmoqda.



