Shimpanze DNKsida qadimgi virus izi inson miyasi rivojlanishidagi farqlarni tushuntirdi
Lund universiteti olimlari qadimgi virusli kiritma shimpanzelarda odamlarda faol boʻlgan va miyaning dastlabki rivojlanishida muhim rol oʻynaydigan LINC00662 genini oʻchirib qoʻyishini aniqladi.

Tadqiqotchilar millionlab yillar avval shimpanzelarga yuqqan PTERV1 virusi qoldirgan izlarni oʻrgandi. Uning genetik materiali hayvonlar genomiga qoʻshilib, vaqt oʻtishi bilan keyingi avlodlarga oʻta boshlagan. Olimlarning fikricha, aynan shu kiritma qoʻshni LINC00662 genini oʻchirib qoʻyadi.
Gen inson miyasi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida faol boʻladi, biroq shimpanze miyasining taqqoslanadigan modellarida ishlamaydi. Olimlar buni metillanish — genlar faolligini tartibga soladigan va ularni nofaol holatga oʻtkazishi mumkin boʻlgan DNKdagi kimyoviy oʻzgarish bilan bogʻlamoqda.
Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar oʻzak hujayralardan odam va shimpanzening mitti miya modellarini yetishtirdi. Inson organoidlarida LINC00662 faol ishlagan, shimpanze hujayralaridan olingan modellarda esa oʻchiq holatda qolgan. CRISPR-Cas9 yordamida virus ketma-ketligi olib tashlangach, shimpanze hujayralaridagi gen yana faollashgan.
Shundan soʻng olimlar inson organoidlarida LINC00662 genini oʻchirib qoʻydi. Bu asab hujayralarining rivojlanishi va neyronlar oʻrtasidagi aloqalarning shakllanishi bilan bogʻliq genlar faolligini pasaytirdi. Tadqiqot mualliflarining fikricha, natija qadimgi virusli infeksiya genlar boshqaruviga qanday taʼsir koʻrsatgan boʻlishi mumkinligini va inson hamda shimpanzening rivojlanayotgan miyalari oʻrtasidagi farqlarga qanday hissa qoʻshgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.
Tadqiqotchilar boshqa virusli ketma-ketliklar ham miya evolyutsiyasiga xuddi shunday taʼsir koʻrsatgan-koʻrsatmaganini tekshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ular bunday meros boʻlib oʻtgan parchalar bilan nevrologik kasalliklar oʻrtasidagi ehtimoliy bogʻliqlikni oʻrganmoqchi.



