Microsoft original Xboxʼdagi 25 ta klassik oʻyinni PCʼga koʻchirdi
Raqamli nusxalar egalari eski konsol oʻyinlarini Windowsʼda ishga tushirish imkoniga ega boʻldi, toʻrtta oʻyin esa ilk bor yutuqlar tizimiga ega boʻldi.

Xboxʼning 25 yilligini nishonlash doirasida Microsoft teskari moslik dasturini kengaytirdi. Endi Windows oʻrnatilgan kompyuterlarda original Xbox konsolidagi 25 ta oʻyinni oʻynash mumkin. Ishga tushirish uchun raqamli nusxalar zarur: Xbox va Xbox 360’ning fizik disklaridan foydalanib boʻlmaydi. Barcha loyihalarda klaviatura va sichqoncha orqali boshqaruv qoʻllab-quvvatlanadi.
Roʻyxatga The Elder Scrolls III: Morrowind, Star Wars Battlefrontʼning har ikki qismi, Star Wars: Knights of the Old Republic va uning davomi, Indiana Jones and the Emperorʼs Tomb, TimeSplitters 2 hamda boshqa oʻyinlar kiritilgan.
Bundan tashqari, Microsoft toʻrtta klassik loyihaga ilk bor yutuqlar tizimini qoʻshdi: Star Wars: Knights of the Old Republic, Star Wars: Knights of the Old Republic II, Blinx: The Time Sweeper va Conker: Live and Reloaded. Tizim yangilangandan soʻng yutuqlarni Xbox One va Xbox Seriesʼda ham qoʻlga kiritish mumkin. Kelgusida yutuqlar mavjud oʻyinlar roʻyxatini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Yangi loyihalarning aksariyati hozircha Xbox Game Pass obunasiga kiritilmagan. Microsoft maʼlumotlariga koʻra, unga faqat Blinx, Conker, Crimson Skies, Fuzion Frenzy, Morrowind va Grabbed by the Ghoulies qoʻshilgan.
Avvalroq Microsoft hujjatlarida Xbox 360 oʻyinlarini 2027–2028-yillarda yangi avlod qurilmalariga bosqichma-bosqich koʻchirish rejalari tilga olingan edi. Shu tariqa kompaniya avvalgi avlod oʻyinlarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishda davom etmoqda.



