Samsung CES 2027’da avtopauzali TV-I televizorini koʻrsatishni rejalashtirmoqda
Samsung CES 2027’da tomoshabin uzoqlashsa videoni pauzaga qoʻyib, qaytgach davom ettiradigan TV-I televizorini namoyish etishni rejalashtirmoqda.

Ishchi nomi TV-I boʻlgan loyiha tomoshabin harakatlari va eʼtiborini tahlil qilish uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi. Soha manbalariga koʻra, televizor foydalanuvchi xatti-harakatiga moslashishi, ekrandagi voqealar haqida maʼlumot izlashi va ijroni boshqarishi kerak.
Funksiyalardan birining asosi Samsungʻning 2025-yilgi modellarida taqdim etilgan Click to Search tizimi boʻladi. Tomoshabin pultdagi AI tugmasini bosib, savolini ovozli bersa, masalan, sahna qayerda suratga olingani yoki kadrda qaysi kiyim brendi koʻrsatilganini bilib olishi mumkin.
Kompaniya tomosha paytida xarid qilish imkoniyatlarini ham rivojlantirmoqda. Samsung AQShda Samsung TV Plus xizmatini Amazon bilan allaqachon bogʻlagan: reklamadan koʻrsatilgan mahsulotni pultdagi bitta tugma orqali Amazon savatiga qoʻshish mumkin. Bu televizorlarni qurilma sotish vositasidan xizmatlar orqali daromad keltiruvchi manbaga aylantirish rejasiga mos keladi. CES 2027 koʻrgazmasi 6–9-yanvar kunlari Las-Vegasda boʻlib oʻtadi.



