RUUZEN
Avto

Mercedes ekranlar uchun yangi joy topdi — toʻgʻridan-toʻgʻri avtomobil oynalarida

Mercedes avtomobil oynalariga oʻrnatiladigan LED-displeylar hamda ogohlantirishlar va boshqa maʼlumotlarni uzatish uchun old oynaga golografik proyeksiya texnologiyasini ishlab chiqmoqda.

4-noyabr, 17:20По-русски
cdn.motor1.com — Mercedes-Benz

Mercedes-Benz avtomobil oynalarini maʼlumot chiqariladigan yuzalarga aylantiruvchi ishlanmalarni taqdim etdi. Hozircha bular tadqiqot loyihalari boʻlib, seriyali avtomobillarda paydo boʻlish muddati eʼlon qilinmagan.

Birinchi yoʻnalish — shisha qatlamlari orasiga oʻrnatiladigan yorugʻlik diodlari. Ular orqa oynada ortidan kelayotgan haydovchilar uchun ogohlantiruvchi belgilar va yoʻl haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi mumkin. Tasvir oʻchirilganda, bu elementlar deyarli sezilmaydi.

Katta yuzalar uchun kompaniya Mini-LED texnologiyasini, batafsil grafikaga ega kichikroq qismlar uchun esa Micro-LED texnologiyasini oʻrganmoqda.

Ikkinchi ishlanma — old oynadagi golografik displey. Asboblar paneliga oʻrnatilgan proyektor tasvirni oyna ichidagi maxsus shaffof plyonkaga yoʻnaltiradi. Plyonkaning optik elementlari yorugʻlikni shunday aks ettiradiki, tasvir quyosh nurida ham aniq koʻrinib turadi.

Tasvir faqat maʼlum burchaklardan koʻrinadi. Bu kontentni ajratish imkonini beradi: haydovchi yoʻlovchiga koʻrsatilayotgan narsani koʻrmaydi va aksincha. Ehtimoliy qoʻllanish sohalari qatoriga navigatsiya, safar haqidagi maʼlumotlar, videomuloqotlar va filmlar kiradi.

Mercedes rejasiga koʻra, maʼlumot zaruratga qarab paydo boʻladi. Kompaniya bunday yechimlar qaysi avtomobil modellarida qoʻllanishi va ularning narxini hozircha maʼlum qilmagan.

Yana oʻqing