Yangi Aston Martin Valhalla Spider: 1,3 mln funtlik rodster 350 km/soatgacha tezlashadi
Ochiq versiya 999 ta avtomobildan iborat umumiy tirajning chorak qismini tashkil etadi, avtomobillarning aksariyati esa ishlab chiqarish boshlanishidan qariyb bir yil oldin sotib boʻlingan.
Aston Martin oʻzining oʻrta dvigatelli superkari Valhallaʼning ochiq versiyasi — Valhalla Spiderʼni taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchining maʼlum qilishicha, avtomobil tomi olib tashlangan holatda ham 350 km/soatgacha tezlashishi mumkin. Bu uni marka tarixidagi ochiq kokpitli eng tezkor modelga aylantiradi.
Gibrid kuch qurilmasi ikki turbinali toʻrt litrli V8 dvigatel va uchta elektromotorni birlashtiradi. Umumiy quvvat 1079 ot kuchi, aylantiruvchi moment esa 1100 N·m ni tashkil etadi. Modelning rasmiy sahifasida 100 km/soatgacha tezlashish 2,5 soniya olishi koʻrsatilgan.
Murakkab bukiladigan mexanizm oʻrniga ishlab chiquvchilar yechiladigan tomni tanlagan. Standart komplektatsiyada matoli tom taklif etiladi va u bilan 200 km/soatgacha tezlikda harakatlanishga ruxsat beriladi. Uglerod tolali plastikdan tayyorlangan qoʻshimcha qattiq panel avtomobilning toʻliq tezlik imkoniyatidan foydalanish imkonini beradi.
Tepasi ochiq holda haydash uchun muhandislar havo oqimlarini boshqarish tizimini qayta ishlab chiqqan. Maxsus deflektor havoni yoʻlovchilar ustidan salon ortidagi havo olish moslamasi tomon yoʻnaltiradi; bu moslama 35 mm ga koʻtarilgan. Faol aerodinamika va barqarorlashtirish tizimi tom oʻrnatilgan yoki olib tashlanganiga qarab moslashadi.
Autocar maʼlumotiga koʻra, Spider 999 ta avtomobil bilan cheklangan umumiy Valhalla tirajining qariyb choragini tashkil etishi mumkin. Kutilayotgan boshlangʻich narx taxminan 1,3 mln funtni tashkil etadi — bu kupe narxidan qariyb 40 foiz koʻproq. Nashr yozishicha, ochiq avtomobillarning aksariyati allaqachon sotilgan.
Valhalla Spiderʼning dastlabki yetkazib berishlari 2027 yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgan.



