Google Pixel smartfonlari uchun Create My Widget AI funksiyasining beta-sinovini boshladi
Pixel 10 va Pixel 11 egalari Gemini yordamida shaxsiylashtirilgan vidjetlar yaratish vositasini sinab koʻrishlari mumkin.

Google sunʼiy intellekt yordamida vidjetlar yaratishga moʻljallangan yangi Create My Widget funksiyasining beta-sinovini boshladi. U 2026-yil noyabridagi Pixel Drop yangilanishi toʻliq tarqatilishidan oldin Play Store orqali foydalanish uchun taqdim etildi.
Vosita matnli tavsif asosida vidjetlar yaratish va hosil boʻlgan variantlarni qoʻshimcha soʻrovlar yordamida tahrirlash imkonini beradi. Masalan, foydalanuvchilar tugʻilgan kungacha qolgan vaqtni hisoblash, aksiyalarni kuzatish, retseptlar toʻplamini yaratish yoki voqealar xulosasini olish uchun vidjetni sozlashlari mumkin.
Sozlash jarayonida Geminiʼga ulangan Google xizmatlari, jumladan Gmail va Calendar maʼlumotlaridan foydalanishga ruxsat berish yoki kirishni faqat ochiq maʼlumotlar va geolokatsiya bilan cheklash mumkin.
Create My Widget funksiyasidan foydalanish uchun Gemini Intelligence mavjud boʻlishi talab etiladi. U Pro va Fold modellari ham kiradigan Pixel 10 va Pixel 11 smartfonlarida qoʻllab-quvvatlanadi. Beta-sinov bosqichida funksiya Avstraliya, Kanada, Hindiston, Buyuk Britaniya va AQShda ingliz tilida mavjud.



