Verizon rahbari: Starlink bilan raqobat SpaceXʼga qariyb $300 mlrdga tushadi
Verizon bosh direktori Den Shulman fikricha, AQShda Starlinkʼka raqobatchi mobil tarmoq yaratish SpaceXʼdan toʻrt-olti yil va qariyb $300 mlrd talab qiladi.

SpaceX Starlinkʼni AQShning yirik mobil operatoriga aylantirmoqchi. Ilon Mask kompaniya “mikrosotali minoralar”ni kelasi yil chiqarishni koʻrib chiqayotganini aytdi. Shulmanning bahosicha, bu SpaceXʼni Verizon infratuzilmasiga qiyoslanadigan tarmoqqa ega bozorning yana bir ishtirokchisiga aylantiradi.
2025-yil sentabrida SpaceX Echostarʼdan $17 mlrdga radiochastota resursini sotib oldi. AQSh Federal aloqa komissiyasi maʼqullaganidan soʻng, bu xarid Starlink Mobileʼni ishga tushirishga asos boʻldi. Xizmat tarelka yoki routersiz sunʼiy yoʻldoshga ulanishi bilan farq qilishi rejalashtirilgan. Komissiya loyiha uchun yana 15 000 ta sunʼiy yoʻldosh uchirilishini ham maʼqulladi.
Starlink mobil bozorga chiqishi haqidagi bayonot AQSh telekom kompaniyalari aksiyalarining allaqachon tushishiga sabab boʻldi. JPMorgan Chase tahlilchilariga koʻra, amaldagi operator bilan hamkorliksiz SpaceX yer usti tarmogʻini oʻzi qurishi kerak; shu bois yaqin istiqbolda raqiblarga tahdid cheklangan. Soʻnggi hisobotga koʻra, Starlinkʼda 12 mln pullik obunachi bor — bu SpaceXʼning yagona foydali yoʻnalishi.
Shulman Verizon har qanday ssenariyga tayyorlanayotganini, biroq Mask strategiyasi unga hozircha noaniqligini aytdi. U bozor kelgusi uch-toʻrt yilda sezilarli oʻzgarishini kutmoqda.



