Ford 700 ot kuchiga ega V8 va ikki eshikli kabinali yangi F-150’ni sinovdan oʻtkazmoqda
Niqoblangan prototip yangilangan FP700S yoki klassik F-150 Lightning formatining qayta tiklanishi boʻlishi mumkin.

Ford F-150 pikapining yangi modifikatsiyasini tayyorlayotgan boʻlishi mumkin; bu modifikatsiya modelning dastlabki avlodlaridan bir xususiyat — ikki eshikli kabinani qaytarishi ehtimol. Gʻayrioddiy prototip yoʻl sinovlari vaqtida koʻzga tashlandi. Tashqi belgilariga koʻra, u XL boshlangʻich komplektatsiyasi bazasida yaratilgan, biroq sportga moʻljallangan F-150 Loboʻdan olingan qator detallarga ega.
Bunga toʻrtburchak shakldagi old bamper va 22 dyuymli, olti kegayli gʻildiraklar ishora qilmoqda. Shu bilan birga, prototip Loboʻda ishlatiladigan Bridgestone shinalari oʻrniga qahrabo rangli kunduzgi yurish chiroqlari va Michelin Primacy LTX shinalari bilan ajralib turadi.
Bu xususiyatlar kuzatilgan avtomobil yangilangan Ford Performance FP700S boʻlishi mumkinligini taxmin qilishga asos beradi. Bunday versiya mexanik kompressor bilan jihozlangan, 700 ot kuchiga ega 5,0 litrli V8 dvigatel bilan taʼminlanadi. Ford avvalroq xuddi shunday toʻplamni Lobo uchun ham taklif qilgan. Sinov avtomobilida aynan shu dvigatel oʻrnatilgani hozircha tasdiqlanmagan.
Biroq prototip yanada qiziqarli loyiha — ikki eshikli kabinaga ega original F-150 Lightningʻning zamonaviy talqini boʻlishi ham mumkin. Ford ishlab chiqish tafsilotlarini hozircha oshkor qilmayapti.



