Mercedes-Benz 2027-yilda avtonom haydashning ikkita yangi tizimini taqdim etadi
Mercedes-Benz shaharlarda yordamchi tizim koʻmagida harakatlanish va avtomagistrallarda rulni qoʻllar tekkizmasdan boshqarish imkonini beradigan texnologiyalarni ishga tushirishga tayyorlanmoqda.

Birinchi tizim — MB.Drive Assist Pro — chorrahalar, svetoforlar, qator almashtirish va trassadan chiqishlarni ham oʻz ichiga olgan butun yoʻl davomida haydovchiga yordam beradi. Biroq shaharda harakatlanayotganda haydovchi qoʻllarini rulda ushlab turishi kerak. Ikkinchi texnologiya — Hands-Free Highway Assist — maxsus tasdiqlangan avtomagistrallarda qoʻllarni ruldan olish imkonini beradi. Tizim 137 km/soatgacha boʻlgan tezlikka moʻljallangan boʻlib, quvib oʻtish yoki belgilangan yoʻnalishda harakatlanish uchun qatorni mustaqil ravishda almashtira oladi.
Majmua 27 ta datchikdan, jumladan 10 ta kamera, beshta radar va 12 ta ultratovushli sensordan foydalanadi. Ishlash unumdorligi 254 TOPS boʻlgan hisoblash platformasi MB.OS arxitekturasida ishlaydi va Nvidia Drive AV texnologiyalari hamda qoʻshimcha Halos himoya mexanizmidan foydalanadi.
Mercedes-Benz dekabr oyida Kaliforniyada yangi ishlanmalarni taklifnoma asosida sinovdan oʻtkazishni boshlaydi. Toʻliq ishga tushirish 2027-yilga rejalashtirilgan. Mos keladigan ilk avtomobillar elektr CLA va GLC, shuningdek GLE, GLS va S-Class modellari boʻladi. Funksiyalardan foydalanish imkoniyatini bir oy, bir yil yoki uch yilga obuna boʻlish orqali sotib olish mumkin boʻladi.
Yangi ishlanmalar avtonomlikning ikkinchi darajasiga kiradi, shu sababli haydovchi yoʻldagi vaziyatni nazorat qilishda davom etishi kerak.



