Aston Martin Fernando Alonso uchun «Call of Duty» dizaynidagi Dakar avtomobilini taqdim etdi
Aston Martin 2027-yilgi Dakar uchun uchta Dreadnought avtomobilini eʼlon qildi. Ularda Fernando Alonso, Sebastien Loeb va Lukas Moraes qatnashadi.

Alonso yetti yillik tanaffusdan soʻng «Dakar»ga qaytadi. Ispaniyalik haydovchi 2020-yilda Mark Koma bilan ishtirok etib, umumiy hisobda 13-oʻrinni egallagan. Mototsikl toifasida «Dakar»ni besh marta yutgan Koma yana uning shturmani boʻladi.
Loeb belgiyalik shturman Fabien Lurquin bilan qatnashadi. Ralli boʻyicha toʻqqiz karra jahon chempioni «Dakar»da hali gʻalaba qozonmagan, biroq alohida bosqichlarda 28 marta yutgan va besh marta podiumga koʻtarilgan. Moraes esa Pablo Moreno bilan ishtirok etadi. Braziliyalik haydovchi 2025-yilda ralli-reyd boʻyicha jahon chempionatida gʻolib boʻlgan.
Dreadnought — Aston Martinning «Call of Duty: Modern Warfare 4» oʻyini uchun maxsus yaratilgan raqamli harbiy avtomobili. Endi kompaniya uning qiyofasini ralli-reydlar uchun toʻlaqonli poyga avtomobiliga aylantirdi. Bu loyiha Aston Martin Racingning jahon ralli-reydidagi ilk ishtiroki boʻladi.
Poyga Alonso uchun 2027-yilgi mavsumni boshlab beradi: «Dakar»dan keyin uni mavsumoldi sinovlari va 24 bosqichdan iborat Formula-1 taqvimi kutmoqda. Haydovchi Formula-1 u uchun ustuvor boʻlib qolishini, biroq bir yilning oʻzida har ikki chaqiriqni qabul qilmoqchi ekanini aytdi.



