BYD yangi flagman minivenini ilk bor namoyish etdi
BYD yangi flagman miniveni Oceanʼni ilk bor namoyish etdi va uning tez orada taqdimotini tasdiqladi. Kompaniya premyeraning aniq sanasini aytmadi.

Modelning ilk tizerini Ocean boʻlinmasi bosh menejeri Zhang Zhuo eʼlon qildi. U minivenni oilaviy avtomobil deb atab, uning tez orada bozorga chiqishini maʼlum qildi.
Xira tasvirda katta kuzov, tomga oʻrnatilgan LiDAR va oddiy eshik tutqichlari koʻrinadi. Avtomobil BYD avval namoyish etgan Ocean-V konseptidan ancha farq qiladi. Konseptda karavotga aylantiriladigan buriladigan oʻrindiqlar hamda salonni mobil kinoteatrga aylantiruvchi ekran bor edi.
BYD seriyali avtomobil xususiyatlarini hozircha oshkor qilmadi. Oʻlchamlari Dynasty markasidagi Xia miniveni bilan taqqoslanadigan boʻlishi kutilmoqda. Taxminlarga koʻra, Ocean MPV 1,5 litrli benzin dvigateli va 200 kVt quvvatli elektromotordan iborat DM-i gibrid tizimiga ega boʻladi. Kompaniya avval Ocean qatorining ilk minivenini 2026 yil oxirigacha chiqarishni rejalashtirayotganini bildirgan. Model narxi 249 800 yuandan boshlanadigan Xia bilan 300 000 yuandan qimmatroq Denza D9 oraligʻida boʻlishi mumkin.



