Google Photos qoʻshimcha nusxalar yaratmasdan suratlarni tahrirlash imkonini beradi
Oʻzgarishlar saqlangach, foydalanuvchilar tahrirlash oynasini qayta ochib, avval qoʻllangan sozlamalarni oʻzgartirishlari mumkin boʻladi.

Google Android uchun «Google Photos» ilovasiga oʻzgarishlarni saqlashning yangi mexanizmini joriy qildi. Endi tahrirlangan suratlar galereyada alohida nusxa sifatida saqlanmaydi, balki dastlabki fayllarning oʻrnini egallaydi.
Avval «Sehrli oʻchirgʻich» va «Xiralikni yoʻqotish» kabi vositalardan foydalanilganda, shuningdek, UltraHDR va C2PA formatlaridagi suratlarni qayta ishlashda yangi nusxa yaratish talab etilardi.
Endi foydalanuvchilar surat saqlangandan keyin avvalgi sozlamalarga qaytishlari mumkin. Masalan, filtr kuchi yoki yorqinligini qayta sozlash, yoxud oʻzgarishlarni toʻliq bekor qilib, suratning dastlabki koʻrinishini tiklash mumkin.
Funksiya Android 11 va operatsion tizimning undan keyingi versiyalari oʻrnatilgan qurilmalarda ishlaydi.
Bahorda Google «Google Photos» uchun retushning qoʻshimcha vositalarini ham taqdim etgandi. Ular yordamida teridagi nuqsonlarni olib tashlash, uning teksturasini yaxshilash, koʻzlarni yorqinlashtirish va tishlarni oqartirish mumkin.



