RUUZEN
Avto

Formula-1da ortda qolayotgan jamoalar budjetini 2027 yildan oshirish taklif qilindi

F-1 komissiyasi Williams rahbari Jeyms Voulsning jamoalar xarajatlari limitini oʻzgartirish haqidagi tashabbusini koʻrib chiqadi.

16-noyabr, 15:44По-русски

Read in English

Dushanba kuni Formula-1 komissiyasi yigʻilishida ortda qolayotgan jamoalarga bolidlarni rivojlantirish uchun koʻproq mablagʻ sarflash imkonini beradigan maxsus mexanizmni joriy etish taklifi muhokama qilinadi.

Williams rahbari Jeyms Vouls tashabbusi «Jamoalar uchun ADUO» deb nomlandi. Unga koʻra, jamoa uchun mavjud budjet miqdori chempionat yakunidagi oʻrniga bogʻliq boʻladi: natija qanchalik past boʻlsa, keyingi mavsumda shuncha koʻp mablagʻ sarflash mumkin.

Bu gʻoya dvigatel ishlab chiqaruvchilar uchun amalda boʻlgan ADUO mexanizmiga asoslangan. U ortda qolayotgan kompaniyalarga kuch qurilmalarini modernizatsiya qilish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar beradi.

Yangi qoidalar 2027 yilning oʻzidayoq kuchga kirishi mumkin. Buning uchun tashabbusni FIA, Formula-1 rahbariyati va 11 jamoaning kamida oltitasi qoʻllab-quvvatlashi kerak. Hozirda uni Williams, Cadillac, Alpine, Aston Martin va Audi qoʻllamoqda. Haas va Racing Bulls taklifni qoʻllab-quvvatlamadi.