RUUZEN
Telekom

Beget keng koʻlamli kiberhujumdan soʻng 50 mingdan ortiq saytni tikladi

Xosting-provayder ular uchun SSL sertifikatlarini ham chiqardi va virtual xostingni tiklash ishlarining asosiy qismini uch kun ichida yakunlashni rejalashtirmoqda.

13-noyabr, 13:50По-русски

Read in English

Xosting-provayder Beget 2026-yil 2-noyabrga oʻtar kechasi sodir boʻlgan kiberhujumdan soʻng IT-infratuzilmasini tiklashda davom etmoqda. Hozirga qadar kompaniya 50 mingdan ortiq saytni qayta ishga tushirishga va ular uchun SSL sertifikatlarini chiqarishga muvaffaq boʻldi.

Beget maʼlumotlariga koʻra, kompaniya zaxira nusxalaridan maʼlumotlarni tiklash ishlarining yarmini yakunlagan. Virtual xosting boʻyicha qolgan vazifalarning asosiy qismini uch kun ichida bajarish rejalashtirilgan.

Saytlari allaqachon tiklangan mijozlar uchun boshqaruv paneli orqali texnik yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Murojaatlar soni koʻpligi sabab mutaxassislarning javob berish vaqti uzayishi mumkin.

Hujum natijasida tajovuzkorlar kompaniyaning boshqaruv infratuzilmasiga kirish imkoniga ega boʻlib, maʼlumotlarning yoʻq qilinishiga olib kelgan skriptlarni ishga tushirgan. VPS, S3 va Kubernetes bulut infratuzilmasi yoʻqotilgan, biroq VPSʼning fayl koʻrinishidagi zaxira nusxalarini saqlab qolishga erishilgan. Hozir mutaxassislar bulut servislarini qaytadan yaratmoqda va virtual xosting serverlarini tiklamoqda.

Qoʻshimcha cheklovlar domen yoʻnalishiga ham taalluqli boʻldi: RU va RF domenlari boʻyicha Muvofiqlashtirish markazi Begetʼning registrator sifatidagi akkreditatsiyasini vaqtincha toʻxtatdi. Kompaniya hozircha bu zonalarda yangi domenlarni roʻyxatdan oʻtkaza olmaydi, biroq avval roʻyxatdan oʻtkazilgan domenlarga xizmat koʻrsatishni davom ettirishi shart.