Grand Theft Auto VI kutilgan darajani oqlab, ochiq dunyoli oʻyinlar uchun yangi mezon belgiladi
Virtual Leonida shtatida qariyb 80 soat vaqt oʻtkazgan jurnalist yangi GTAʼni beshinchi qismning munosib davomchisi va Rockstarʼning eng yetuk oʻyini deb atadi.

Grand Theft Auto V chiqqanidan 13 yil oʻtib, Rockstar Games studiyasi yangi davomini taqdim etdi. U ochiq dunyoli oʻyinlar uchun yangi etalon boʻlishga daʼvogarlik qilmoqda. Avvalgi qism uch avlod konsollarida 230 mln nusxadan ortiq sotilgan, GTA Onlineʼning mashhurligi esa uning koʻp yillar davomida talabgir boʻlib qolishiga yordam bergan.
GTA VI voqealari Floridaning xayoliy talqini boʻlgan Leonidada kechadi. Oʻyin GTA Vʼdagi harakat erkinligini Red Dead Redemption 2’dagi yuqori darajadagi tafsilotlar va oʻyinga chuqur shoʻngʻish imkoniyati bilan birlashtiradi.
Bosh qahramonlar — Bonni va Klayd voqealaridan ilhomlangan jinoyatchilar juftligi Jeyson Dyuvall va Lyusiya Kaminyos. Oʻyinchilar ikkala qahramonni ham boshqarib, ularning munosabatlarini rivojlantirishi va jinoiy hayotni tark etish uchun pul topishi kerak boʻladi. Buning uchun doʻkonlarni tunash, avtomobillarni oʻgʻirlash, bosqinlar uyushtirish va suv ostidagi xazinalarni izlash mumkin.
Oʻyin olamiga Mayamini eslatuvchi Vays-Siti, sohillar, botqoqliklar va treylerlar parklari kiradi. Xaritani deyarli boshidanoq oʻrganish mumkin, koʻchadan oʻtuvchilar bilan tasodifiy uchrashuvlar esa toʻlaqonli topshiriqlarga aylanib ketishi mumkin.
Oʻyinda, shuningdek, maʼlumot toʻplash va jihozlarni tayyorlashni talab qiladigan keng koʻlamli, bir necha bosqichdan iborat talonchiliklar paydo boʻlgan. Nazorat nuqtalarining yangi tizimi muvaffaqiyatsizlikdan keyin murakkab epizodlarga tezroq qaytish imkonini beradi.
Ishlab chiquvchilar tafsilotlarga alohida eʼtibor qaratgan: qahramonlar koʻchadan oʻtuvchilar bilan muloqot qilishi, kiyimlarini almashtirishi, jismoniy koʻrsatkichlarini yaxshilash uchun ovqatlanishi va turli transport vositalaridan foydalanishi mumkin. Hatto avtomobillarga ham vaqti-vaqti bilan yonilgʻi quyish kerak. Shu bilan birga, GTA VI seriyaga xos satirik hazilni saqlab qolgan: unda fitna nazariyalariga ishonuvchilar, NFT tarafdorlari va boshqa zamonaviy hodisalar ustidan kulinadi.



