Kristofer Brayni va Mishel Rendolf ishtirokidagi «Clashing Through the Snow» Rojdestvo komediyasining treyleri chiqdi
Film qahramonlari Rojdestvo boʻroni paytida majburiy safarda birga qolib ketadi.

Prime Video «Clashing Through the Snow» romantik komediyasining treylerini namoyish etdi. Filmda bosh rollarni «Men goʻzal boʻlgan yoz» seriali orqali tanilgan Kristofer Brayni va Mishel Rendolf ijro etgan. Shuningdek, kartinada Lukas Geyj va Endryu Shults suratga tushgan, taklif etilgan aktyorlar orasida esa Julia Foks va Peris Xilton bor.
Syujetga koʻra, muharrirlar Rayan Mitchell va Hanna Hendriks Latitude nashriyotidagi lavozim koʻtarilishi uchun raqobatlashadi. Buning uchun ular istiqbolli kitob loyihalarini topishi va taniqli mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etishi kerak. Biroq bayram kunlari Nyu-Yorkka safar chogʻida hamkasblar kutilmaganda bir samolyotda qolib ketadi.
Kuchli qor boʻroni sabab samolyot parvoz rejasini oʻzgartirishga majbur boʻladi, qoʻnganidan keyin esa Rayan va Hanna ijaraga beriladigan soʻnggi mashina uchun tortishib qoladi. Ularning birgalikdagi safari avariya bilan yakunlanadi. Shundan soʻng qahramonlar noodatiy motelda toʻxtashga majbur boʻladi. Bora-bora ular oʻrtasidagi oʻzaro nafrat romantik tuygʻularga oʻrin boʻshatadi.
Kartinani Karlson Yang rejissyorlik qilgan, ssenariyni esa Denni Makki va Rebekka Yuing yozgan. Treylerda, shuningdek, Oliviya Rodrigo ijrosidagi ilk Rojdestvo qoʻshigʻi — «Take Me Home (4 Christmas)» ham yangraydi.



