Google Android ilovalarida bukiladigan qurilmalarni qoʻllash talablarini joriy etadi
2027-yil aprelidan Android ilovalari Googleʼning bukiladigan qurilmalar boʻyicha asosiy talablariga mos kelishi va Google Playʼda uchta maxsus skrinshotga ega boʻlishi kerak.

Google bukiladigan qurilmalar uchun ilovalar ishlab chiquvchilariga yangi qoidalarni eʼlon qildi. 2027-yil aprelidan ilovalar kamida Tier 3 — Adaptive ready darajasiga mos boʻlishi kerak: moslik rejimlarisiz butun ekranni egallashi, qurilma oʻlchami va holati oʻzgarganda oʻz holatini saqlashi hamda koʻp oynali rejimni qoʻllab-quvvatlashi lozim.
Bu bazaviy darajadan oʻta olmagan ilovalar Google Playʼda yangi versiya yoki yangilanishlarini eʼlon qila olmaydi. Ularning doʻkondagi koʻrinishi ham pasayishi mumkin. Ishlab chiquvchilar hozirdanoq Play Consoleʼga bukiladigan qurilmalar uchun alohida rasmlar qoʻshishi mumkin, biroq 2027-yil aprelidan ilovani eʼlon qilish yoki uning sahifasini yangilashda smartfonlar uchun moʻljallangan ikkita oddiy rasmga qoʻshimcha ravishda uchta shunday skrinshot taqdim etilishi kerak.
Google oʻyinlar uchun ham shunga oʻxshash talablarni belgilaydi, biroq tayyorgarlik muddati 2027-yil avgustigacha davom etadi. Shu bilan birga, oʻyinlar sahifalari uchun bukiladigan qurilmaning uchta skrinshoti aprel oyidanoq talab qilinadi. Keyinchalik Google yuqoriroq moslashuvchanlik darajalariga qoʻyiladigan talablarni planshetlar, Googlebook noutbuklari va Android XR qurilmalariga ham tatbiq etishni rejalashtirmoqda.



