Yakuza yaratuvchisining studiyasi birorta ham oʻyin chiqarmay yopildi
Nagoshi Studio aksiyadorlar qarori bilan tugatildi. Uning debyut eksheni Gang of Dragonʼning kelajagi hanuz nomaʼlum

Yakuza turkumi yaratuvchisi Toshihiro Nagoshi asos solgan Nagoshi Studio rasman tugatildi. Bu qarorni aksiyadorlar 2026-yil 31-oktabrda qabul qilgan. Bu haqidagi xabarnoma 2-noyabr kuni Yaponiyaning Kanpo hukumat byulletenida eʼlon qilindi.
Studio oʻzining ilk oʻyinini — Gang of Dragonʼni chiqarishga ulgurmay yopildi. Oʻyin 2025-yil dekabrida The Game Awards marosimida taqdim etilgan edi. Sarguzasht eksheni voqealari Tokiodagi Kabuki-cho kvartalida kechishi, bosh rolni esa Don Li nomi bilan ham tanilgan janubiy koreyalik aktyor Ma Dong Sok ijro etishi kerak edi.
Nagoshi 2021-yilda Sega va Ryu Ga Gotoku Studioʻdan ketganidan soʻng, Xitoyning NetEase kompaniyasi koʻmagida yangi jamoa tuzdi. Nagoshi Studio jamoatchilikka 2022-yilda taqdim etilgan.
Loyihaning moliyaviy muammolari haqida 2026-yil martida maʼlum boʻldi. Bloomberg maʼlumotiga koʻra, Gang of Dragonʼni yakunlash uchun yana kamida 7 mlrd iyena — xabar eʼlon qilingan paytda taxminan 44,4 mln dollar — kerakligi aniqlangach, NetEase moliyalashtirishni toʻxtatishga qaror qilgan.
Nashr, shuningdek, Nagoshi jamoani saqlab qolish va NetEaseʼdan mustaqil ravishda ishlab chiqishni davom ettirish uchun yangi investorlarni izlaganini xabar qilgan.
Studiyaning yopilishi Gang of Dragonʼning kelajagini jiddiy shubha ostida qoldiradi. Shu bilan birga, xabar paydo boʻlgan paytda oʻyin bekor qilingani yoki loyiha boshqa jamoaga topshirilgani haqida alohida rasmiy bayonot berilmagan.



