RUUZEN
Oʻyinlar

Pokémon toʻplamlari hali chiqarilmagan, ammo ular uchun allaqachon 500 dollardan koʻproq soʻrashmoqda

Yubiley kolleksiyasi noyob kartalar va klassik kartalarning qayta nashrlari sabab katta qiziqish uygʻotdi

30-oktabr, 12:43По-русски

Pokémon Trading Card Gameʼning yubiley toʻplamlari atrofida savdolar boshlanishidan oldin ham qizgʻinlik kuchaymoqda. Polygon maʼlumotlariga koʻra, 30th Anniversary Ultra Premium Collection toʻplamining ikkilamchi bozordagi narxi allaqachon 500 dollardan oshgan. Dastlabki toʻplamlar xaridorlarga rasmiy relizdan oldin yetib bora boshladi, ularni ochish jarayoni aks etgan videolar esa kolleksionerlar eʼtiborini tortmoqda.

Toʻplamlarda Espeon va Umbreonʼning maxsus kartalari, shuningdek, Future Rare toifasidagi Pikachuʼning eksklyuziv versiyalari bor. Biroq asosiy qiziqish qadoq ichidagi tarkib bilan bogʻliq: xaridor 30 ta booster oladi, ulardan biri faqat mashhur kartalarning qayta nashrlarini oʻz ichiga olgan Classic Collectionʼga bagʻishlangan.

Ular orasida Charizard va Lugia ham bor. Polygon maqolasi eʼlon qilingan paytda bunday kartalar mos ravishda taxminan 155 va 192 dollardan sotilayotgan edi. Taqqoslash uchun, asosiy yubiley seriyasidagi eng qimmat zamonaviy kartalardan biri — Mew — taxminan 77 dollarga baholangan.

Nashr bu farqni, avvalo, kartalarning mavjudligi bilan izohlaydi: klassik qayta nashrlarni oddiy yubiley boosterlaridan olish qiyinroq. Alohida Classic Collection paketi olinishi mumkin boʻlgan kartalar doirasini toraytiradi va toʻplamni aynan shu seriya qismini yigʻadiganlar uchun yanada jozibador qiladi.

Shu bilan birga, kolleksiyaning ommaviy ravishda sotuvga chiqishi vaziyatni oʻzgartirishi mumkin. Xaridorlar qancha koʻp toʻplamni ochsa, alohida kartalar shuncha koʻp sotuvga chiqadi. Bu ularning narxini pasaytirishi mumkin, biroq pasayish koʻlamini oldindan aytib boʻlmaydi.

Muhrlangan toʻplamlarning yuqori narxlari ham uzoq vaqt saqlanib qolishi kafolatlanmagan. Polygon kuzatuvlariga koʻra, boshqa yubiley mahsulotlari allaqachon arzonlashgan: bundan ikki oy oldin qariyb 200 dollar soʻralgan Elite Trainer Box toʻplamini hozir taxminan 100 dollarga topish mumkin.

Yana oʻqing