OpenAI akademik tadqiqotchilar uchun ChatGPT dasturini 200 minggacha kengaytiradi
OpenAI akademik tadqiqotchilar dasturini 200 ming ishtirokchigacha kengaytirib, ChatGPT Pro oʻrniga ChatGPT Plus beradi. 50 ming yangi grant uchun arizalar 2026-yil 23-noyabrdan qabul qilinadi.

OpenAI ChatGPT for Academic Researchers dasturiga oʻzgartirish kiritilganini eʼlon qildi: ishtirokchilar ChatGPT Proʻdan foydalanish oʻrniga ChatGPT Plus obunasini oladi. Kompaniya qarorni tadqiqotchilar ilgʻor tarif imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmagani bilan izohladi.
Dastur iyulda ishga tushirilganidan keyin unga 33 mamlakatdan 20 mingdan ortiq tadqiqotchi qoʻshildi. Pilot davrida OpenAI 1,8 ming ishtirokchining servisdan foydalanishini oʻrgandi. Ular ChatGPTʼdan ilmiy nashrlarni koʻrib chiqish, maʼlumotlarni tahlil qilish, kod yozish va tadqiqot gʻoyalarini ishlab chiqishda foydalangan. Soʻrovda qatnashganlarning aytishicha, xuddi shu ishni taqqoslanadigan sifatda sunʼiy intellektsiz bajarish deyarli ikki baravar koʻproq vaqt olgan boʻlardi.
Keyingi bosqich 2026-yil 23-noyabrda boshlanadi: OpenAI 50 ming grant ajratadi. Har bir grant bitta tadqiqotchi va koʻpi bilan ikki hammuallifga moʻljallangan, shu sababli yana 150 minggacha odam ChatGPT Plusʼdan bepul foydalanishi mumkin. Avval nomzodlar lotereya orqali tanlangan boʻlsa, endi grantlar mezonlarga javob beradigan arizachilar oʻrtasida navbat tartibida taqsimlanadi. Birinchi bosqichdagi kutish roʻyxatiga kiritilgan ishtirokchilarga koʻrsatmalar elektron pochta orqali yuboriladi.



