Microsoft Outlook, Teams va Copilotʼdagi keng koʻlamli uzilishni tizimdagi eski xato bilan izohladi
Butun dunyodagi kompaniyalar, shifoxonalar va davlat tashkilotlariga taʼsir koʻrsatgan Microsoftʼdagi keng koʻlamli uzilishga uchta omil, jumladan, uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlgan xato sabab boʻlgan.

Microsoft Outlook, Teams, Copilot va boshqa xizmatlar ishlamay qolishiga sabab boʻlgan keng koʻlamli uzilishning dastlabki sabablarini oshkor qildi. Kompaniyaning ijrochi vitse-prezidenti Charlz Lamannaning soʻzlariga koʻra, avariya tarmoq infratuzilmasidagi uchta muammoning uygʻunlashuvi natijasida yuzaga kelgan.
Microsoft tizimlar oʻrtasida aloqa oʻrnatish va maʼlumot uzatish uchun ikkita shlyuzdan foydalanadi. Ulardan biri Teams bilan toʻgʻri ishlamay qolgani sababli asosiy shlyuzga tushadigan yuk keskin oshgan. Shu bilan birga, bir kun avval yuz bergan boshqa nosozlikdan keyin uning quvvatining qariyb 14 foizi allaqachon foydalanish uchun mavjud emas edi.
Natijada oshgan yuklama va mavjud resurslarning qisqarishi Microsoft tizimlarida iyul oyidan beri mavjud boʻlgan xatoning ishga tushishiga olib kelgan. Serverlar javob berishni toʻxtatguncha soʻrovlar oqimi tobora koʻpaygan. Uzilish AQShda xizmatlardan eng koʻp foydalanilayotgan paytda, payshanba kuni yuz bergan.
Qayta tiklash ishlari qariyb bir sutka davom etgan. Microsoft muammoni tunda bartaraf etish ustida ishlagan, biroq uzoq vaqtdan beri mavjud boʻlgan xato tufayli oʻzgarishlarni tezda bekor qilib boʻlmagan. Xizmatlar qayta tiklanganidan soʻng serverlar toʻplanib qolgan soʻrovlar sabab yana haddan tashqari yuklangan va takroran javob berishni toʻxtatgan.
Kompaniya foydalanuvchilardan uzr soʻradi va avariyaning tashkilotlarning kundalik ishiga taʼsir koʻrsatganini tan oldi. Tafsilotlar dastlabki hisobotda keltirilgan, Microsoft esa yakuniy hujjatni shu hafta davomida keyinroq eʼlon qilishga vaʼda berdi.



