Rockstar GTA 6’ning toʻliq titrlarini eʼlon qildi — unda yirik spoylerlar bor
Rockstar Games GTA 6 global ishga tushirilganidan keyin oʻyinning toʻliq titrlarini eʼlon qildi. Unda ishlab chiquvchilar va aktyorlar ismlari, shuningdek, yirik spoylerlar bor.

Sahifada Rockstar Gamesʼning qariyb 6 000 xodimi va oʻnlab aktyorlar nomi keltirilgan. Lusiya Kaminosa Manni L. Peres, uning hamrohi Jeyson Dyuvallni esa Dilan Rurk ijro etgan. Boshqa aktyorlar: Bred Karter, Bobbi Moynihan, Stiven Rut, Orlag Kessidi va Mashel Montano.
Roʻyxatda mashhur radioeshittirish boshlovchilari va musiqachilar — Uird El Yankovich, Brijit Nilsen, Bed Banni, Jeremi Ayorns, Gloriya va Emilio Estefan, Brayan Pozen hamda Kit Richards — ham bor. Pastki qismdagi maʼlumotlar syujetni ochib berishi mumkin.
Titrlar boshida Rockstar Games asoschisi va ijrochi prodyuseri Sem Hauzer, nashriyot yoʻnalishi rahbari Jennifer Kolb, studiyalarning hamrahbarlari Rob Nelson va Aaron Garbut turadi. Roʻyxatda oʻtgan yili bahsli sharoitlarda ishdan boʻshatilgan Rockstarʼning 34 xodimi ham bor.
2020-yilda Rockstarʼni tark etgan Den Hauzer titrlarda yoʻq. GTA 6 uning ismisiz seriyadagi ilk yirik uch oʻlchamli oʻyin boʻldi. 2016-yilda ketgan Lesli Benzis ham koʻrsatilmagan.
Take-Two hozircha dastlabki savdo maʼlumotlarini eʼlon qilmadi. Ishlab chiqish qiymati nomaʼlum, biroq budjet $1 mlrd.dan oshishi mumkin. Oldindan buyurtmalar haqidagi baholarga koʻra, kompaniya xarajatlarini allaqachon faqat oldindan buyurtmalar hisobidan qoplagan boʻlishi mumkin.



