Unplugged Performance Teslaʼga Cybertruck ishlab chiqarishini oʻz zimmasiga olishni taklif qildi
Tyuning ustaxonasi Tesla ishlab chiqarish liniyasini ehtimol yopganidan keyin elektr pikap ishlab chiqarishni davom ettirish uchun investorlar va hamkorlarni jalb etishga tayyor.

Tesla avtomobillarini takomillashtirishga ixtisoslashgan Unplugged Performance kompaniyasi avtomobil ishlab chiqaruvchiga elektr pikap Cybertruck ishlab chiqarishini unga topshirishni taklif qildi. Bu tashabbus model ishlab chiqarilishi toʻxtatilishi va Texasdagi zavod quvvatlarini haydovchisiz Cybercab avtomobillarini ishlab chiqarishga boʻshatish mumkinligi haqidagi xabarlar fonida ilgari surildi.
Kompaniya investorlar konsorsiumi va ishlab chiqarish hamkorlari koʻmagida loyihani mustaqil moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi. Unplugged Performance rejasiga koʻra, Cybertruckʼning amaldagi platformasidan nafaqat pikaplar, balki yetti oʻrindiqli yoʻltanlamaslar hamda robotaksi tarmogʻi uchun avtomobillar ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.
Kompaniya vakillari Teslaʼning sobiq xodimlari ham loyihaga qoʻshilishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Shu bilan birga, tashabbusni amalga oshirish uchun vaqt va qoʻshimcha hamkorlar kerak boʻladi.
Material eʼlon qilingan paytda Tesla ham, Ilon Mask ham taklifga ochiqchasiga javob bermagan. Biroq Mask kompaniya toʻplanib qolgan buyurtmalarni bajarishga ulgurishi uchun Cybertruck ishlab chiqarish keyingi yil yozigacha davom etishini maʼlum qilgan.



