Perseverance Marsda qadimgi hayot izlarini izlash uchun istiqbolli och rangli jinslarni topdi
Perseverance marsoxodi Yezero krateridan tashqarida gidratlangan kremniy dioksidiga boy jinslar toʻplamini aniqladi. Yerda bu material mikroskopik qazilma qoldiqlarni saqlab qolishi mumkin.

Topilma Mars poʻstining qadimgi qismlari yuzaga chiqib yotgan Idubi hududida qilindi. Kameralar och rangli toshlarni 29 oktabr kuni tasvirga oldi. NASAning 16 noyabrdagi xabariga koʻra, SuperCam asbobi maʼlumotlari gidratlangan kremniy dioksidi miqdori yuqori ekanini va jinslarning magmatik boʻlmagan kelib chiqishini tasdiqladi.
Yerda bunday yotqiziqlar gidrotermal tizimlarda, tuproqlarda va yerosti suvlari aylanadigan joylarda hosil boʻladi. Ularni oʻrganish Marsdagi suv tarixini tiklashga hamda bu hududdagi sharoitlar hayotni qoʻllab-quvvatlay olgan-olmaganini baholashga yordam beradi.
Avvalroq Perseverance Yezero kraterining ichki chetida kremniy dioksidiga boy jinslarga duch kelgan edi. Oʻsha boʻlaklar robotlashtirilgan qoʻldagi asboblar yordamida batafsil tadqiq qilish uchun juda kichik boʻlgan. Idubidagi toshlar kattaroq, missiya jamoasi esa ularning kimyoviy va mineral tarkibi, hosil boʻlish sharoitlari hamda ehtimoliy biologik izlarni saqlab qolish qobiliyatini batafsil tahlil qilishni allaqachon boshlagan.



