NVIDIA rahbari Xitoyga sunʼiy intellekt chiplarini yetkazib berishni toʻliq taqiqlashga qarshi chiqdi
Jensen Huangning fikricha, AQSh kompaniyalari cheklovlar sabab jahon bozoridan voz kechmasdan, unda raqobatlashishi kerak.

NVIDIA rahbari Jensen Huang Anthropic rahbari Dario Amodeiyning Xitoyga ilgʻor sunʼiy intellekt protsessorlari va chip ishlab chiqarish uskunalarini yetkazib berishni toʻliq taqiqlash haqidagi taklifini tanqid qildi. U CBS telekanaliga bergan intervyusida AQSh boshqa mamlakatlarga xalqaro bozorlarni boʻshatib bermasdan, raqobat orqali yetakchiligini saqlab qolishi kerakligini aytdi.
Shu bilan birga, Huang AQSh kompaniyalariga eng yangi ishlanmalardan ustuvor foydalanish imkoniyati berilishini qoʻllab-quvvatladi. Jumladan, keyingi avlod Vera Rubin platformasi allaqachon OpenAI va Anthropicni ham oʻz ichiga olgan tadqiqot markazlari hamda kompaniyalarga yetkazib berilmoqda. NVIDIA rahbarining baholashicha, sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishda AQSh Xitoydan bir necha yil oldinda.
Huang, shuningdek, sunʼiy intellekt industriyasi nafaqat modellarni ishlab chiqish, balki energetika, chiplar, maʼlumotlar va ilovalarni ham qamrab olishini taʼkidladi. Uning fikricha, AQSh iqtisodiyotini mustahkamlash uchun ushbu barcha yoʻnalishlarni rivojlantirish zarur.



