Outlook.com va Hotmail foydalanuvchilari xatlarni yetkazishda muammolarga duch keldi
5-noyabrdan boshlab Microsoftʼning pochta xizmatlari autentifikatsiyani tekshirishdagi xatolar sabab ayrim kiruvchi xatlarni rad eta boshladi.

Outlook.com va Hotmail foydalanuvchilari elektron pochta xabarlarini qabul qilishda nosozliklar yuz berayotganini bildirmoqda. Ayrim xatlar, hatto domenlarda SPF, DKIM va DMARC sozlamalari toʻgʻri boʻlsa ham, SPF tekshiruvidagi xato sabab joʻnatuvchilarga qaytarilmoqda.
Foydalanuvchilarning soʻzlariga koʻra, muammo xatlarning faqat bir qismiga taʼsir qilmoqda va xat qaysi Microsoft serveriga kelib tushishiga bogʻliq boʻlishi mumkin. Ayrim hollarda xatni qayta yuborish uni yetkazishni tiklashga yordam beradi, biroq xabarlar kechikib kelishi ham mumkin.
Nosozlik faqat Microsoft 365 mijozlarida kuzatilmayapti: xatlarni uchinchi tomon xizmatlari, jumladan Zoho orqali yuborishda ham qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Microsoft hozircha muammoning sabablarini tushuntirmadi. Xatoga duch kelgan foydalanuvchilarga domen autentifikatsiyasi sozlamalarini tekshirish va pochta provayderiga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.



