Claude AI endi pull requestlarni oʻzi tekshira va tuzatishlar yubora oladi
Anthropic Claude Shipʼni ishga tushirdi: Claude pull requestlarni tekshira, muammolarni tuzata va odatiy oʻzgarishlarni maʼqullay oladi. Yangi agentlar beta-versiyada mavjud.

Anthropic dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilari uchun Claude Ship vositalar toʻplamini taqdim etdi. Uning tarkibidagi PR Steward va Claude Approvals agentlari bugun beta-versiyada ishga tushirildi.
PR Steward kodni tekshirish xato bilan yakunlansa, birlashtirish jarayonida ziddiyat yuzaga kelsa yoki Code Review, boshqa vositalar yoxud jamoa aʼzolaridan izohlar kelsa, ishga tushadi. Shundan soʻng agent zarur oʻzgarishlarni kiritib, bajargan ishlari haqida izoh qoldiradi.
Claude Approvals tashkilotning ichki siyosati bunga yoʻl qoʻysa, standart oʻzgarishlarni maʼqullashi mumkin. Qaror qabul qilishda agent Code Review natijalari va boshqa signallarni — masalan, jamoa tabiiy til yordamida sozlagan oʻz klassifikatorlarini — hisobga olishi mumkin.
Claude Ship chiqarilishidan oldin ham ishlab chiquvchilar Code Review funksiyasi orqali kodni tekshirish uchun Claudeʼdan foydalanishlari mumkin edi: funksiya mart oyida taqdim etilgan, umumiy foydalanish esa oktabrda ochilgan. Yangi mahsulot Claude Team va Enterprise mijozlari uchun mavjud boʻlib, GitHubʼdagi repozitoriylar bilan ishlaydi.



