Endi ChatGPT maxfiy suhbatlarni PIN-kod yordamida yashirish imkonini beradi
Funksiya bosqichma-bosqich bepul akkauntlar hamda Go, Plus va Pro obunachilari uchun mavjud boʻladi

Yangi funksiya tanlangan suhbatni odatiy tarix, qadalgan chatlar va qidiruv natijalaridan olib tashlash imkonini beradi. Bunday suhbatlar kirish toʻrt xonali PIN-kod bilan himoyalangan alohida Locked chats loyihasida saqlanadi. iPhone va Android qurilmalarida kirish uchun Face ID hamda boshqa autentifikatsiya tizimlaridan foydalanish mumkin.
Locked chats uchidan uchigacha shifrlashni taʼminlamaydi va OpenAIʼning huquqiy majburiyatlarini bekor qilmaydi. Funksiya suhbatlardan modellarni oʻqitishda foydalanish sozlamalarini yoki maʼlumotlarni saqlash muddatini ham avtomatik ravishda oʻzgartirmaydi.
PIN-kod qayta oʻrnatilsa, barcha himoyalangan chatlar va loyihaga yuklangan fayllar tiklab boʻlmaydigan tarzda oʻchiriladi. Funksiya iOS va Android qurilmalarida ovozli rejimni qoʻllab-quvvatlaydi, biroq Codex suhbatlarini bloklash imkonini bermaydi. Joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, shu sababli sozlamaning akkauntda paydo boʻlishi bir necha kun davom etishi mumkin.



