Yandex Yandex Cloud mijozlari maʼlumotlarining 2,84 foizini qaytarib boʻlmaydigan tarzda yoʻqotdi
Maʼlumotlar markazlari uskunalari jiddiy shikastlanganidan soʻng kompaniya axborotning 97,16 foiziga kirishni tiklay oldi.

Yandex Yandex Cloud platformasidagi mijozlar maʼlumotlarining bir qismini tiklab boʻlmaganini maʼlum qildi. Yoʻqotishlar axborotning 2,84 foizini tashkil etdi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, bunga uskunalarning kritik darajada shikastlangani va zaxira nusxalarining yoʻqligi sabab boʻlgan.
Shu bilan birga, zaxira nusxalarini oldindan sozlagan foydalanuvchilar barcha maʼlumotlarini saqlab qolgan. Hodisadan soʻng Yandex bulut platformasi sozlamalarini oʻzgartirishga qaror qildi: endi yangi virtual mashinalar yaratilganda zaxira nusxalarini yaratish sukut boʻyicha yoqilgan boʻladi.
Avvalroq kompaniya mijozlar axborotining taxminan 90 foiziga kirishni tiklay olganini maʼlum qilgandi. Jabrlangan foydalanuvchilar uchun Yandex Cloud va Yandex 360 xizmatlari haqi ham vaqtincha bekor qilindi.



