RTINGS sinovdan oʻtkazilgan WOLED televizorlarining aksariyatida chekkalar yemirilganini aniqladi
18 000 soatlik sinovlardan soʻng LG Displayʼning WOLED panellariga ega 16 ta televizordan 14 tasida shikastlanishlar aniqlandi.

RTINGS mutaxassislari tekshirilgan WOLED televizorlarining aksariyatida Edge Rot («chekkalarning yemirilishi») deb nomlangan nuqsonni aniqladi. U ekran chetlari boʻylab oʻlik piksellar va ularning toʻplanib qolishi koʻrinishida namoyon boʻladi. Tadqiqotchilar bunga panelning himoya qatlamlari shikastlangani yoki ishlab chiqarishdagi nuqsonlar sabab boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Eng koʻp zarar eski WBC panellariga ega qurilmalarda kuzatildi: degradatsiya belgilari oʻnta modeldan toʻqqiztasida paydo boʻlgan. Yangiroq WBE panellariga ega televizorlarning oltitasidan beshtasida shikastlanishlar aniqlandi.
Shu bilan birga, Samsung Displayʼning QD-OLED panellariga ega sinovdan oʻtkazilgan uchta model bunday nuqsonlarsiz sinovlarni yakunladi. Biroq tanlanma hajmi bu texnologiyani toʻliq himoyalangan deb hisoblash uchun juda kichik.
LG muammo mavjudligini tan oldi va uni yuqori harorat hamda namlikning uzoq vaqt davomida taʼsir qilishi bilan bogʻladi. Biroq RTINGS hozircha shikastlanishlarning aniq sababini aniqlamadi va ular 2024-yildan boshlab ishlab chiqarilgan panellarga ham taalluqlimi-yoʻqmi, degan savolga javob topmadi. Shu sababli natijalar barcha zamonaviy OLED televizorlarining uzoq xizmat qilish muddati haqida xulosa chiqarish imkonini bermaydi.



