Oʻzbekistonda quvvati 7 eksaflopsdan ortiq AI klasteri paydo boʻladi
2027-yilda Oʻzbekistonda quvvati 7 eksaflopsdan ortiq AI hisoblash klasterini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Bu rejalar Qonunchilik palatasida Raqamli texnologiyalar vazirligi hisobotini muhokama qilish chogʻida maʼlum boʻldi. Hujjat AIʼni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada joriy etish, shuningdek, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikka bagʻishlangan.
Vazir Sherzod Shermatov iyul oyida «Elektron hukumat» tizimining maʼlumotlar markazida umumiy qiymati 24 mln dollar boʻlgan hisoblash infratuzilmasi ishga tushganini aytdi. Sogʻliqni saqlash sohasi uchun HGX H200 grafik protsessorlari oʻrnatilgan alohida klaster ham ishga tushirildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tibbiyot va taʼlim loyihalari uchun server uskunalarini xarid qilish boʻyicha shartnoma tuzdi.
AIʼni rivojlantirish uchun 6,5 mln hujjatni oʻz ichiga olgan «Oʻzbek tili korpusi» milliy maʼlumotlar toʻplami shakllantirildi. 1,6 mln dan ortiq oʻzbekistonlik «Besh million AI yetakchisi» dasturi boʻyicha oʻqib, sertifikat oldi.
Deputatlar oliy taʼlim muassasalaridagi AI laboratoriyalari tarmogʻini kengaytirish, ilmiy tashkilotlar va startaplarga GPU klasterlari hamda katta maʼlumotlar bazalaridan imtiyozli foydalanish imkonini berishni taklif qildi. 2027-yil 1-fevralgacha ai.gov.uz platformasida AI mahsulotlari reyestrini ishga tushirish va uni davlat xaridlari portali bilan bogʻlash tavsiya etildi.



