BYD yangi Denza N8 elektr yoʻltanlamasini 12 noyabr kuni taqdim etadi
Yangi besh oʻrinli Denza N8 elektr krossoverining yurish zaxirasi 1003 km gacha yetadi, shuningdek, u oʻta tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega.

BYD kompaniyasining premium toifadagi Denza brendi yangi N8 elektr yoʻltanlamasini 12 noyabr kuni taqdim etadi. Model uchun oldindan buyurtmalar 26 oktabrda ochildi. Xaridorlar 2000 yuan miqdorida depozit toʻlaganida, qoʻshimcha jihozlar uchun bonus olishlari mumkin.
Avtomobilning uzunligi 5150 mm, gʻildirak bazasi esa 3075 mmni tashkil etadi. Xaridorlarga quvvati 890 kVtgacha boʻlgan bitta yoki uchta elektromotorli versiyalar taklif qilinadi. Yurish zaxirasi 1003 kmgacha yetadi.
N8 ikkinchi avlod Blade Battery akkumulyatori, oʻta tezkor quvvatlash tizimi, shuningdek, Godʼs Eye 5.0 haydovchiga yordam berish majmuasi bilan jihozlangan. Denza bayonotiga koʻra, besh daqiqada batareya keyingi yoʻlni davom ettirish uchun yetarli darajada quvvatlanadi, deyarli toʻliq quvvatlash esa toʻqqiz daqiqa davom etadi. Shuningdek, DiSus-A intellektual pnevmatik osmasi ham koʻzda tutilgan.
Salon panoramali proyeksiya displeyi va 30 dyuymli ekran bilan jihozlangan.



