Google Pay Oʻzbekistondagi foydalanuvchilar uchun foydalanishga topshirildi
Bu haqda Google Cloud vakili Samarqanddagi forumda maʼlum qildi

Oʻzbekiston moliya bozorida kontaktsiz toʻlovlarni amalga oshirishga moʻljallangan global Google Pay platformasi ishga tushirildi. Xizmat faoliyati boshlanganini Google Cloud vakili Martsin Krasuski Samarqandda «Raqamli texnologiyalar» mavzusidagi sessiyada rasman maʼlum qildi. Sessiya «C5+1» formatidagi xalqaro biznes muloqoti doirasida oʻtkazildi.
Xizmatning mamlakatda toʻlaqonli ishga tushirilishi bank sektorida uzoq davom etgan texnik transformatsiya natijasida mumkin boʻldi. Respublika Markaziy banki tijorat banklari hamda Humo va Uzcard operatorlari bilan birgalikda toʻlov maʼlumotlarini tokenizatsiya qilish texnologiyalarini joriy etdi. Natijada milliy toʻlov tizimlarining soʻm kartalari va Visa hamda Mastercard xalqaro kartalari boʻyicha tranzaksiyalarni birdek samarali qayta ishlay oladigan infratuzilma shakllandi.


