Samsung One UI 9 Watch bilan Galaxy Watch8’ga yangi sogʻliq imkoniyatlarini qoʻshmoqda
Samsung Galaxy Watch8 uchun One UI 9 Watchʼni tarqatishni boshladi. Yangilanish sogʻliqni kuzatish funksiyalari, yangi sozlamalar va boshqa imkoniyatlarni qoʻshadi.

Yangilanishda Vitals, yurak sogʻligʻi bahosi, kundalik kardio yuklama koʻrsatkichi, jismoniy tayyorgarlik indeksi va uyqu apnesini batafsilroq kuzatish paydo boʻldi. Samsung Healthʼda trekker maʼlumotlari asosida uyquni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradigan Sleep Coaching funksiyasi ham qoʻshildi.
Apneani kuzatish Samsung Health Monitor orqali ishlaydi va soatni Samsung qurilmasi bilan juftlashni talab qiladi. Vitals uyqu paytida puls, yurak urishi variabelligi, nafas olish tezligi, teri harorati va qondagi kislorod darajasini tahlil qiladi. Shundan soʻng soat bazaviy koʻrsatkichlarni shakllantirib, sezilarli ogʻishlar haqida ogohlantiradi.
Yurak sogʻligʻi bahosi uyqu va faollik haqidagi maʼlumotlarni birlashtiradi. Daily Cardio Load mashgʻulotlardan keyingi tiklanishni koʻrsatadi, mos yuklama oraligʻi va tavsiyalarni taklif qiladi. Fitness Index mashgʻulotlar natijalarini umumiy koʻrsatkichga jamlaydi.
Qolgan yangiliklar qatorida suratdagi odamlarni tanib, ularning atrofiga soat koʻrinishi va fonni joylashtiradigan Portrait Watch Face siferblati bor. Yangilangan Compass saqlangan joylarga yoʻnalish tuzishga yordam beradi, Track Back esa foydalanuvchini bosib oʻtilgan marshrut boʻylab qaytaradi. Tarqatish allaqachon boshlandi, biroq ayrim qurilmalarda yangilanish keyinroq paydo boʻlishi mumkin.



