Prime Video «Maxton Hall»ning uchinchi va yakuniy mavsumi treylerini taqdim etdi
Ruby va Jeymsning hikoyasi dekabrda yakunlanadi: Prime Video «Maxton Hall» serialining soʻnggi mavsumi treylerini namoyish etdi.

Yangi qismlar nemis yozuvchisi Mona Kastenning mashhur trilogiyasidagi uchinchi kitob — «Save Us» asosida suratga olingan. Syujet ikkinchi mavsum voqealarini davom ettiradi. Ikkinchi mavsum finalida Ruby oʻqituvchi bilan ishqiy munosabatda boʻlganlikda ayblanib, Maxton Hall kollejidagi darslardan chetlatilgandi.
Yakuniy mavsumda qahramon Oksfordga oʻqishga kirish imkoniyatidan ayrilib qolish xavfi ostida qoladi. U Jeyms bilan birga oʻzining aybsizligini isbotlashga urinadi. Biroq haqiqatni izlash yangi sirlar, doʻstlik uchun sinovlar va ularning munosabatlariga tahdid olib keladi.
Harriet Herbig-Matten va Damian Hardung oʻz rollariga qaytdi. Serialda, shuningdek, Sonya Weiser, Ben Felipe, Fedya van Hyut, Runa Greiner va boshqa aktyorlar suratga tushadi. Rejissyorlikni yana Martin Shrayyer amalga oshirdi.
Uchinchi mavsum olti qismdan iborat boʻladi. Dastlabki ikki qism Prime Videoda 9 dekabrda chiqadi, shundan keyin yangi qismlar har hafta namoyish etib boriladi. Final 23 dekabrga rejalashtirilgan.



