RUUZEN
Avto

Lamborghini 920 ot kuchiga ega gibrid superkar Temerario Spyderʼni taqdim etdi

Lamborghini Temerarioʻning ochiq kuzovli versiyasi buklanadigan qattiq tom, uchta elektromotor va gibrid kuch qurilmasiga ega boʻldi.

20-noyabr, 17:40По-русски

Read in English

kolesa.ru

Lamborghini Huracan oʻrnini egallagan gibrid superkarning ochiq modifikatsiyasi — Temerario Spyderʼni taqdim etdi. Kompaniya oʻz modelining ochiq versiyasida ilk bor mato tom oʻrniga buklanadigan qattiq tomdan foydalandi.

Mexanizm oʻnta elektr aktuator yordamida ishlaydi. Tomni yigʻish yoki yoyish uchun 17 soniya kerak boʻladi, uni avtomobil 50 km/soatgacha tezlikda harakatlanayotganda ham boshqarish mumkin. Yigʻilgan holatda tom salon ortida vertikal joylashadi. Oʻrnatilgan orqa oynaning holati elektr boshqaruvi orqali sozlanadi. Avtomobilning quruq vazni 1805 kg boʻlib, bu kupe versiyasidagidan 115 kg koʻp.

Sovuq ob-havoda qulaylikni taʼminlash uchun oʻrindiqlarga oʻrnatilgan boʻyin va yelka sohasini uch bosqichda isitish tizimi koʻzda tutilgan. Adaptiv osma maxsus sozlamalarga ega boʻldi. Bundan tashqari, vazni 22 kg ga kamaytiradigan, yengillashtirilgan karbon aerodinamik elementlardan iborat Alleggerita paketiga buyurtma berish mumkin.

Kuch qurilmasi oʻzgarishsiz qoldi: ikki turbinali, 800 ot kuchiga ega 4,0 litrli benzin dvigateli — V8 va uchta elektromotor. Ulardan biri dvigatel konstruksiyasiga integratsiya qilingan, yana ikkitasi old oʻqqa oʻrnatilgan. Tizimning umumiy quvvati 920 ot kuchiga yetadi. Elektromotorlar energiyani sigʻimi 3,8 kVt·soat boʻlgan akkumulyatordan oladi.

Sakkiz pogʻonali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi quvvatni orqa gʻildiraklarga uzatadi, old elektromotorlar esa toʻliq yuritmani taʼminlaydi. Temerario Spyder 100 km/soat tezlikka 2,8 soniyada erishadi, uning maksimal tezligi esa 343 km/soatni tashkil etadi.

Yangilikning rasmiy narxi hozircha eʼlon qilinmagan. Gʻarb ommaviy axborot vositalari baholariga koʻra, superkarning boshlangʻich narxi qariyb 400 000 yevro boʻlishi mumkin.