VSCO yangi desktop ilovasi bilan Adobe Lightroomga raqobat qilmoqchi
VSCO macOS uchun Studio Pro Desktopʼni chiqardi — paketli ishlov va RAW-fayllarni qoʻllovchi muharrir. Windows va Android versiyalari hozircha yoʻq.

Studio Pro Desktop VSCOʻning professional fotograflar uchun xizmatlar toʻplamiga qoʻshildi. Ilovada 200 dan ortiq preset bor, RAW-fayllarni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlaydi va original nusxalarni saqlagan holda bir vaqtning oʻzida 500 tagacha suratni tahrirlash imkonini beradi. Tayyor tasvirlarni VSCO Galleries yoki boshqa xotiraga eksport qilish mumkin.
Dastur hozircha faqat macOSʼda ishlaydi, Studio Proʻning mobil versiyasi esa avvalroq iOSʼda paydo boʻlgan. VSCO ilovalarni Windows va Androidʼga ham koʻchirishni rejalashtirmoqda, biroq muddatlarni aytmagan. Kompaniya Masking, Curves va obyektlarni oʻchirish vositasi hali ishlab chiqilayotganini ham ogohlantirdi.
VSCO One obunasi yiliga 500 dollar turadi va Studio Pro, qoʻshimcha presetlar, Workspace CRM xizmati, mijozlar uchun galereyalar hamda sayt konstruktori bilan birga taqdim etiladi. Faqat Studio Proʻning mobil va desktop versiyalariga kirish oyiga 5 dollar turadi.
VSCO bosh direktori Erik Uittman kompaniya fotograflarni almashtirish uchun generativ sunʼiy intellektdan foydalanmasligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, VSCO ayrim vositalarda sunʼiy intellekt va uchinchi tomon modellaridan foydalanadi, biroq foydalanuvchilar postlari asosida oʻz modellarini oʻqitmaydi va hamkorlariga ham buni taqiqlaydi.



