RUUZEN
Sunʼiy intellekt

Apple odamlar sogʻliq uchun AIʼdan qanday foydalanishini oʻrganadigan ilovani ishga tushirmoqda

Apple AQShda AIʼdan sogʻliq masalalarida foydalanishni oʻrganish uchun ilovani ishga tushirdi. Kompaniya bir yildan ortiq muddatga 21 yoshdan kattalar orasidan 200 000 nafargacha ishtirokchi jalb etmoqchi.

16-noyabr, 16:54По-русски

Read in English

AQShda Apple sogʻliqni saqlash uchun AI ishlab chiqayotgan OpenEvidence kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan tadqiqot ilovasini ishga tushirdi. Unda 21 yoshdan katta, iPhone 15 yoki undan yangi modeli va iOS 26 yoki yangiroq versiyasiga ega, Apple Intelligence funksiyasi yoqilgan foydalanuvchilar qatnashishga taklif etilmoqda.

Ilova orqali ishtirokchilar sogʻliq haqida savollar berib, klinik maʼlumotlarga asoslangan soddalashtirilgan javoblarni olishlari mumkin. Manbalar qatorida The New England Journal of Medicine, Journal of the American Medical Association va Nature nomlari keltirilgan. Foydalanuvchilar javoblarni baholashi, fikr qoldirishi va oylik soʻrovnomalarda qatnashishi mumkin.

Ishtirokchilar, shuningdek, HealthKitʼdagi maʼlumotlarni — masalan, tinch holatdagi yurak urishi, jismoniy faollik, uyqu va laboratoriya tahlillari natijalari haqidagi maʼlumotlarni — ilovaga yuborishi mumkin. Apple maʼlumotlariga koʻra, bu yanada shaxsiylashtirilgan tavsiyalar tayyorlash, shifokor qabuliga tayyorlanishga yordam berish va xavotirli alomatlar kuzatilganda foydalanuvchilarni mos mutaxassislarga yoʻnaltirish imkonini beradi.

Kompaniya maʼlumotlar himoyalangan bulut provayderiga yuborilishidan oldin shaxssizlantirilishini maʼlum qildi. Ulardan hech qanday AI modelini oʻqitish uchun foydalanish rejalashtirilmagan, OpenEvidence esa soʻrovlar va javoblar haqidagi maʼlumotlarni 24 soatdan keyin oʻchiradi. Appleʼning sogʻliq va fitnes masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Sumbul Desai tadqiqotni odamlar kundalik hayotdagi sogʻliq haqidagi savollarda AIʼni qanday qabul qilishi va undan qanday foydalanishini baholash usuli deb atadi.

Ilova AQSh foydalanuvchilari uchun allaqachon mavjud. Apple sogʻliq haqidagi savollarga javob berish funksiyalarini Health yoki Siri ilovalariga koʻchirishni rejalashtirayotganini hozircha aniqlashtirmadi.