Discord ommaviy serverlarni qidiruvda topishni osonlashtirdi
16-noyabrdan serverlar avtomatik xulosalar koʻrsatilishi mumkin boʻlgan veb-sahifalarga ega boʻladi, dekabr oʻrtalaridan esa xabarlar qidiruv tizimlarida paydo boʻlishi mumkin.
Gap administratorlar Server Discovery katalogiga qoʻshgan hamjamiyatlar haqida bormoqda. Bunday serverlar soni 63 000 dan ortiq boʻlib, ularda oʻyinlar, tillarni oʻrganish va ixtisoslashgan mavzular muhokama qilinadi.
Administratorlar dasturda ishtirok etadigan kanallarni tanlashi, foydalanuvchilar esa oʻz xabarlarining qidiruvda koʻrsatilishini taqiqlashi mumkin. Eʼlon qilingan materiallarda ismlar va avatarlar koʻrsatilmaydi; shaxsiy serverlar, shaxsiy xabarlar va guruh yozishmalari bundan mustasno.
Yangilik maxfiylik va muhokamalardan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish uchun foydalanish ehtimoli haqidagi savollarni keltirib chiqardi. Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Kanada, Braziliya, Avstraliya va Janubiy Koreyada xabarlarni eʼlon qilish sukut boʻyicha oʻchirib qoʻyilgan, funksiya esa oʻsmirlar uchun mavjud emas.



