Samsung One UI 9.5 uchun AI-agent tayyorlamoqda
Samsung Galaxy flagmanlari uchun Personal Agent Coreʼni ishlab chiqmoqda: agent ilovalarda ketma-ket amallarni bajara oladi, biroq ishga tushirish muddati hali belgilanmagan.

Yangi platforma Galaxy AI imkoniyatlarini kengaytirib, uni alohida vositalar toʻplamidan raqamli yordamchiga aylantirishi kerak. Personal Agent Core taqvim, elektron pochta, xabarlar, yetkazib berish bildirishnomalari, bronlar va toʻlovlar haqidagi maʼlumotlarni Now Brief funksiyasining rivojlantirilgan koʻrinishi sifatida yagona interfeysda birlashtiradi.
Masalan, foydalanuvchi soʻroviga koʻra agent jadvalni tekshirishi, kerakli kontaktlarga yozishi, javoblarni kuzatishi va tasdiqlangan uchrashuvni taqvimga qoʻshishi mumkin. Tizim Samsungʻning standart ilovalari va Google xizmatlari bilan ishlaydi, shuningdek, kelishuvlar, uchrashuvlar va vazifalarni aniqlash uchun yozishmalar, elektron xatlar, kontaktlar hamda telefon suhbatlari yozuvlarini tahlil qiladi.
Qurilmani boshqarish ovozli buyruqlar orqali ham mavjud boʻlib qoladi. AI sozlamalarni oʻzgartirishi, musiqani almashtirishi, qaydlar bilan ishlashi, elektron xat va xabarlar yuborishi, shuningdek, budilniklar hamda eslatmalar oʻrnatishi mumkin. U suhbatlar, maʼruzalar va yigʻilishlar yozuvlarini qisqa xulosalar hamda bajarilishi kerak boʻlgan ishlar roʻyxati keltirilgan tuzilmali transkripsiyalarga aylantira oladi.
Agent fon rejimida ham ishlashi mumkin: kutilayotgan xatlar va xabarlarni kuzatib, kerakli maʼlumot paydo boʻlganda qurilma egasini xabardor qiladi. Vaqt oʻtishi bilan tizim yordamni aniqroq tanlash uchun foydalanuvchining odatlari, qiziqishlari, afzalliklari va rejalarini hisobga olishi kerak.
Funksiyalardan toʻliq foydalanish uchun, ehtimol, pullik Galaxy AI Premium obunasi kerak boʻladi. Personal Agent Core shu oyning oxirida Galaxy S26 uchun One UI 9.5 beta-versiyasida paydo boʻlishi yoki kelasi yil boshida Galaxy S27 seriyasi bilan birga One UIʼning barqaror versiyasida debyut qilishi mumkin.



