RUUZEN
Sunʼiy intellekt

Alibaba Qwen4-Max AI modeli oʻyinlar va 3D-sahnalarni qanday yaratishini namoyish etdi

Kompaniyaning yangi modeli Unreal Engine, Unity va Godot bilan ishlay oladi, oʻyin loyihalarini mustaqil ravishda sinovdan oʻtkazadi va xatolarni tuzatadi.

17-noyabr, 16:21По-русски

Read in English

Alibaba Qwen4-Max modelining oʻyinlar ishlab chiqishdagi imkoniyatlarini namoyish etdi. Model oʻyin sahnalarini yaratishi, oʻyin mexanikalarini dasturlashi va natijani bevosita ishga tushirilgan loyiha ichida tekshirishi mumkin. U tasvirni tahlil qilib, animatsiya, yoritish, kamera ishlashi va vizual effektlardagi kamchiliklarni tuzatadi.

Kompaniya misol tariqasida uchta loyihani koʻrsatdi: Meow of Magic sarguzasht oʻyini, Yun Guan Xing fantastik oʻyini va Flying Racer poygasi. Oxirgi loyiha Unity 6’da yaratilgan va Android uchun oʻrnatiladigan ilova shaklida yigʻilgan. Model Blenderʼni ham qoʻllab-quvvatlaydi: unda 3D obyektlar yaratish, materiallar va yoritishni sozlash, soʻngra render qilish mumkin.

Shu bilan birga, Alibaba ochiq kodli Live Delivery vositasini ham taqdim etdi. U AI-agentlar ishining natijalarini bosqichma-bosqich chiqarish va tekshirish imkonini beradi. Hozircha Codex CLI, macOS va Linux qoʻllab-quvvatlanadi.

Qwen4-Max 2,4 trillion parametrli arxitekturaga qurilgan boʻlib, bitta tokenni qayta ishlashda shulardan 71 milliardtasi faollashadi. Kontekst oynasi 1 million tokenni tashkil etadi. Artificial Analysis maʼlumotlariga koʻra, model Intelligence Indexʼda 42,89 ball toʻplagan — avvalgi modeldagi 33,65 ballga qarshi.

Biroq hozircha oʻyin loyihalari asosan namoyish roliklari orqali taqdim etilgan. Alibaba ularning dastlabki kodini va tayyor yigʻilmalarini eʼlon qilmagan, shu sababli Qwen4-Maxʼning toʻlaqonli tijoriy oʻyinlar yaratish imkoniyatlarini hali tekshirish kerak.