Microsoft PowerToysʼni Windows unumdorligini nazorat qilish vositasiga aylantiradi
Microsoft PowerToysʼdagi «Unumdorlik monitori»ni keng koʻlamda yangilamoqda: CPU, GPU, xotira, disk va tarmoq uchun yangi grafiklar hamda batafsil maʼlumotlar qoʻshiladi.

Yangilanish GitHubʼdagi bir qator merge soʻrovlari orqali bosqichma-bosqich tarqatilmoqda. Qayta ishlangan CPU boʻlimida soʻnggi 60 soniyadagi yuklama grafigi, mantiqiy yadrolar maʼlumoti va eng koʻp resurs ishlatadigan besh jarayon roʻyxati paydo boʻldi.
Xotira boʻlimi uning tuzilishi, modullar tezligi va band slotlar sonini koʻrsatadi. GPU blokida yuklamani monitoring qilish yaxshilandi, videoxotira statistikasi batafsillashtirildi. Grafik quyi tizimlari uchun alohida grafiklar GPUʼda aynan qaysi vazifalar bajarilganini tushunish va VRAM sarfini baholashga yordam beradi.
17 noyabrda Microsoft disk va tarmoq boʻlimlaridagi oʻzgarishlarni qabul qildi. Disklarga oʻqish va yozish grafiklari, oʻrtacha javob vaqti, qurilma turi hamda tomlardagi boʻsh joy indikatorlari qoʻshildi. Tarmoq bloki yuborish va qabul qilish grafiklari, ulanish turi va tezligi, IPv4 va IPv6 IP-manzillarini koʻrsatadi.
Ishlab chiquvchilar zaryadlash statistikasi bor yangilangan «Akkumulyator» boʻlimi va koʻrsatkichlarni jamlovchi «Umumiy koʻrinish» panelini ham taklif qilishdi. Panelni qoʻshish haqidagi soʻrov hali qabul qilinmagan. Oʻzgarishlarning katta qismi PowerToysʼning asosiy kod branchʼiga kiritilgan, ayrim funksiyalar esa hali ishlab chiqilmoqda.



