GTA VI ning kompyuterlar uchun versiyasi internetga sizib chiqdi
Oʻyinning taxmin qilinayotgan fayli internetda paydo boʻldi, shundan soʻng ishqibozlar uni kompyuterda ishga tushirishga harakat qila boshladi; sizib chiqqan faylning haqiqiyligi hozircha tasdiqlanmagan.

Taxmin qilinayotgan bajariluvchi fayl eʼlon qilinganidan soʻng Discordʼdagi ishqibozlar GTA 6 ni Linux, Mac va Windowsʼda ishga tushirishga harakat qila boshladi. Hozircha oʻyin beqaror ishlamoqda: u qotib qoladi va teksturalar hamda yoritishsiz sodda grafikani koʻrsatadi.
Taʼkidlanishicha, faylni avval oʻyinning tugallanmagan versiyasi videosini eʼlon qilgan va kriptovalyutada millionlab dollar toʻplagan xaker Cyberleek joylagan. Bu safar u fayllarni bepul taqdim etishini aytdi. Rockstar Games va Xbox izoh soʻrab yuborilgan murojaatlarga javob bermadi.
Teskari muhandislik loyihalari ishtirokchilari allaqachon birinchi toʻsiqni — oʻyinni ishga tushirishni — yenga oldi. Bir necha soat ichida ular vizual tafsilotlar uchun javob beradigan shaderlarning bir qismini yuklashga muvaffaq boʻldi. Biroq ishlaydigan norasmiy port yaratilishigacha haftalar yoki oylar oʻtishi mumkin, loyiha esa umuman amalga oshmasligi ehtimoli bor.
Urinishlar Rockstar Games va Take-Two Interactive qarshiligiga duch keldi: kamida bitta yirik Discord serveri bloklandi, loyiha rahbari esa keyingi ishlarni davom ettirishdan voz kechdi. GTA 6 PlayStation 5 va Xbox Series X uchun mavjud, biroq kompyuterlar uchun rasmiy port eʼlon qilinmagan.



