Disney sunʼiy intellekt yordamida tashrif buyuruvchilar bilan muloqot qila oladigan “Yulduzlar jangi” animatroniklarini yaratdi
Disney sunʼiy intellekt va bulutli texnologiyalardan foydalanib, mehmonlarga real vaqt rejimida munosabat bildira oladigan uchta robot-animatronikni taqdim etdi.

Walt Disney Imagineering “Yulduzlar jangi” olamidagi kichik oʻzga sayyoraliklar — “Mandalorlik” seriali hamda “Mandalorlik va Grogu” filmida paydo boʻlgan anzelanlar qiyofasida uchta animatronik prototipini ishlab chiqdi. Vilo Vele, Kado Brea va Jibu Brea qahramonlari turli xarakterlarga ega boʻlib, tashrif buyuruvchilarning xatti-harakati va nutqiga munosabat bildira oladi.
Robotlar odamlar bilan oʻzaro aloqalar haqidagi maʼlumotlarni toʻplaydigan yashirin kameralar va mikrofonlar bilan jihozlangan. Maʼlumotlar Amazon Web Services (AWS) bulutli platformasida ishlaydigan bir nechta sunʼiy intellekt modellari tomonidan qayta ishlanadi. Modellardan biri, masalan, koʻz bilan aloqa qilish kabi tezkor reaksiyalar uchun javob beradi, kuchliroq tizimlar esa uzoq davom etadigan suhbatlarni yoʻlga qoʻyishga yordam beradi.
Shu bilan birga, sunʼiy intellekt harakatlar va replikalarni mustaqil ravishda yaratmaydi. Barcha imo-ishoralar, animatsiyalar va iboralar Disney muhandislari tomonidan oldindan tayyorlangan, neyron tarmoqlar esa vaziyatga qarab mos variantlarni tanlaydi. Bu qahramonlarning oʻziga xosligini saqlab qolish va ularning xatti-harakatlarini nazorat qilish imkonini beradi.
Robotlar ilk bor noyabr oyining oxirida Las-Vegasda boʻlib oʻtadigan AWS re:Invent konferensiyasida jamoatchilikka namoyish etiladi. Kelgusida bu texnologiyadan Disneyʼning Star Wars: Galaxyʼs Edge tematik hududlari va boshqa parklarida foydalanish mumkin.



