Euclid zamonlar tongida paydo boʻlgan, trillion Quyoshdek porlovchi kvazarlarni aniqladi
Euclid teleskopi 31 ta qadimiy kvazarni, jumladan maʼlum boʻlgan eng qadimgi ikkitasini aniqladi: Koinot 670 mln yoshida ular allaqachon trillion Quyoshdek nurlangan.

Kvazarlar gaz va boshqa moddalar oʻta massiv qora tuynuk tomon oqib borganda galaktikalar markazida paydo boʻladi. Bu jarayon ulkan energiya ajratib chiqaradi va galaktika yadrosi uning boshqa qismlaridan koʻp baravar yorqin porlay boshlaydi.
Yangi tanlovdagi ikki obyekt ilgari kuzatilgan eng qadimgi kvazarlarga aylandi. Ularning qizil siljishi 7,77 va 7,69 ga teng. Bu koʻrsatkich obyektning qanchalik uzoqda ekanini va uning nuri Yer tomon qachon yoʻlga chiqqanini aniqlashga yordam beradi. Har ikki kvazar Koinot tarixining dastlabki 670 mln yilida mavjud boʻlgan.
Avval astronomlar asosan eng yorqin qadimiy kvazarlarni topishgan, chunki xira manbalarni aniqlash va ularni Yerga yaqin yulduzlardan ajratish qiyin edi. Euclid osmonning katta qismlarini kuzatib, batafsil tasvirlar oladi va xira infraqizil nurlanishni qayd etadi. Shu bois teleskop nafaqat yorqin, balki xiraroq obyektlarni ham aniqlash imkonini berdi.
Qadimiy kvazarlarni oʻrganish dastlabki galaktikalar qanday shakllangani va oʻta massiv qora tuynuklar qanday oʻsganini tushunishga yordam beradi. Aniqlangan obyektlardan biri gaz va changga boy, yangi yulduzlar jadal tugʻilayotgan galaktikada joylashgan. Bu Koinot rivojining ilk bosqichida qora tuynuk atrofini oʻrganish imkonini beradi.
Barcha topilmalar Euclid missiyasining osmonni keng koʻlamda kuzatish dasturi doirasida olingan. Missiyaning asosiy vazifasi — qorongʻi Koinotni oʻrganish. Biroq uning kuzatuvlari Koinotning tarkibi, tarixi va rivojlanishini, jumladan nurlanish atrofdagi gazni qizdirib, ionlashtirgan reionizatsiya davrini ham oʻrganish imkonini beradi.

